O‘zbekiston va Polsha farmatsevtika sohasida yangi hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qildi

05.11.2025 557

O‘zbekiston va Polsha farmatsevtika sohasida yangi hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qildi

 

Polsha farmatsevtika sanoati uyushmasi prezidenti Krzysztof Kopeć boshchiligidagi delegatsiyaning O‘zbekistonga tashrifi doirasida “Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” davlat muassasasida rasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Unda tomonlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-avgustdagi PF–137-son Farmoni asosida joriy etilayotgan dori vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazishda yangi soddalashtirilgan tartiblar hamda regulyator tizimdagi islohotlarni muhokama qildi.

Markaz direktori Alisher Temirov uchrashuv davomida muassasaning asosiy faoliyat yo‘nalishlari, farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligini ta’minlashdagi regulyator organning asosiy vazifalari hamda tizimda raqamlashtirish jarayonlari haqida ma’lumot berdi.

U, shuningdek, sohada shaffoflik va samaradorlikni oshirish maqsadida joriy etilayotgan elektron tizimlar, xalqaro hamkorlik doirasida nufuzli regulyator organlar bilan o‘rnatilayotgan aloqalar, hamda davlatimiz rahbari tashabbuslari asosida farmatsevtika sohasini modernizatsiya qilish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarga alohida to’xtalib o’tdi.

O‘z navbatida, Polsha farmatsevtika sanoati uyushmasi prezidenti Krzysztof Kopeć O‘zbekistonda so‘nggi yillarda farmatsevtika sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni yuqori baholab, Polsha kompaniyalari uchun O‘zbekiston bilan hamkorlik qilish yangi istiqbolli yo‘nalishlar ochayotganini ta’kidladi.

Eslatib o’tamiz, Farmasevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi va Polshaning Tibbiy mahsulotlari, tibbiy jihozlar va biotsid mahsulotlarini ro‘yxatdan o‘tkazish idorasi o’rtasida o’zaro hamkorlik memorandumi imzolangan bo’lib, unga muvofiq tartibga solish tajriba almashish, zamon talablariga mos kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo’yicha tizimli ishlar amalga oshirilib kelinmoqda.

Uchrashuv yakunida tomonlar farmatsevtika xavfsizligini ta’minlash, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish va xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirishdan o‘zaro manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.