O‘zbekiston va Malayziya tibbiy buyumlar sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqmoqda
Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi direktori Alisher Temirov Malayziya Tibbiy buyumlar boshqarmasi (Medical Device Authority — MDA) vakillari bilan uchrashdi.
Unda tomonlar tibbiy buyumlar sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, ilg‘or xalqaro tajribani o‘rganish va reglamentlashtirish tizimini takomillashtirish masalalarini muhokama qildilar. Shuningdek, normativ-huquqiy bazani rivojlantirish, zamonaviy texnologiyalarni sog‘liqni saqlash tizimiga xavfsiz joriy etish, regulyator qarorlarini o‘zaro tan olish hamda regulatory reliance tamoyillarini joriy etish istiqbollarini ko‘rib chiqi.
Ma'lumot uchun, Malayziya Tibbiy buyumlar boshqarmasi (Medical Device Authority — MDA) — Malayziya sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi davlat tartibga soluvchi organ bo‘lib, mamlakatda tibbiy buyumlar va ularning xavfsizligi ustidan nazoratni amalga oshiradi.
Uchrashuv davomida Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi va Malayziya Tibbiy buyumlar boshqarmasi o‘rtasida O‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Ushbu hujjat ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqib, tibbiy buyumlar sohasida yagona yondashuvlarni shakllantirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, memorandum doirasida tomonlar tibbiy buyumlar sohasidagi reglamentlashtirish tizimini takomillashtirish, kadrlar salohiyatini rivojlantirish, ilmiy-amaliy hamkorlikni kengaytirish hamda xalqaro standartlarga mos yondashuvlarni joriy etish borasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga kelishib oldi.
Uchrashuv yakunida Alisher Temirov O‘zbekistonning xalqaro reglamentlashtirish tashabbuslarida faol ishtirokini kengaytirish zarurligini ta’kidlab, 2026-yilda GHWP Bosh assambleyasini Toshkentda o‘tkazish taklifini ilgari surdi.
Takidlash joiz, mazkur kelishuv O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasidagi tibbiyot hamda farmatsevtika sohasidagi strategik hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqadi, xalqaro ishonchni mustahkamlash va tibbiy buyumlar xavfsizligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.