Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazida Odob-axloq komissiyasi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
“Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” davlat muassasasida markaz direktori Alisher Temirov boshchiligida Odob-axloq komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda markaz rahbariyati, hududiy filiallar va tarkibiy bo‘linmalar rahbarlari hamda komissiya a’zolari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda xodimlarning muassasa ichki mehnat tartibi qoidalari va ijro intizomiga rioya etish holati, shuningdek, ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi, xususan korrupsiyaning oldini olish masalalari tahlil va muhokama qilindi.
Direktor Alisher Temirov o‘z nutqida jamoada intizom, mas’uliyat, halollik va kasbiy odob me’yorlariga qat’iy amal qilish zarurligini ta’kidladi. U davlat xizmatchilarining axloqiy qiyofasi va xizmat madaniyatini yuksaltirish, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish hamda shaffoflik va halollik tamoyillarini mustahkamlash bugungi kunning eng muhim vazifalaridan biri ekanini qayd etdi.
Yig‘ilish davomida markazda mehnat tartibi va ijro intizomiga rioya etish bo‘yicha o‘tkazilgan tahlillar natijalari tinglandi. Ayrim yo‘nalishlarda intizomiy madaniyatni yanada oshirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilandi.
Komissiya a’zolari tomonidan kasbiy odob va xizmat madaniyatini mustahkamlash, korrupsiyaga qarshi kurashish, jamoada sog‘lom muhitni ta’minlash hamda manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish bo‘yicha takliflar ilgari surildi.
Mazkur yo‘nalishdagi ishlar kelgusida ham tizimli va muntazam tarzda davom ettirilishi rejalashtirilgan.