Markaz mutaxassisi Yevropa Farmakopeyasi ekspertlar guruhi yig‘ilishida ishtirok etdi
Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi Davlat farmakopeyasini ishlab chiqish bo‘limi bosh mutaxassisi Azamat Mansurov 2025-yil 22–23-sentyabr kunlari Fransiyaning Strasburg shahrida bo‘lib o‘tgan Dori vositalari sifati va sog‘liqni saqlash bo‘yicha Yevropa direktorati (EDQM) ning Yevropa Farmakopeya Komissiyasi 17-Ekspertlar guruhi yig‘ilishida ishtirok etdi.
Ma’lumki, 2025-yil 16–19-iyun kunlari EDQM tomonidan o‘tkazilgan Yevropa Farmakopeya Komissiyasining 182-sessiyasi qaroriga ko‘ra, “Group 17 – Medicinal products containing chemically defined active substances” ekspertlar guruhiga Azamat Mansurov nomzodi kiritilib, a’zolikka tasdiqlangan edi. Bu qadam, 2019-yilda EDQM va Markaz o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasi Davlat farmakopeyasini yaratishda Yevropa farmakopeyasi matnlarini nusxalashtirish va moslashtirish huquqi to‘g‘risida imzolangan kelishuvning mantiqiy davomi hisoblanadi.
Yig‘ilishda Fransiya, Germaniya, Shvetsiya, Ispaniya kabi davlatlardan jami 28 nafar ekspert qatnashdi. Anjumanda Yevropa Farmakopeyasiga kiritilishi, qayta ko‘rib chiqilishi yoki chiqarilishi rejalashtirilgan 20 dan ortiq farmakopeya monografiyalari muhokama qilindi va ularga tegishli ekspert xulosalari berildi.
O‘zbekiston nomidan ishtirok etgan Azamat Mansurov “Current status and future prospects for the development of the State Pharmacopoeia of the Republic of Uzbekistan” mavzusida taqdimot o‘tkazib, Davlat farmakopeyasining tuzilishi va Yevropa Farmakopeyasi bilan hamkorlik istiqbollari haqida ma’lumot berdi.
Yig‘ilish doirasida EDQM va Yevropa Farmakopeyasining yetakchi vakillari bilan olib borilgan muloqot davomida, Davlat farmakopeyasi ishlab chiqishda Yevropa Farmakopeyasi bilan uyg‘unlashtirish bo‘yicha kelgusidagi istiqbolli rejalari muhokama qilindi.
Davlat farmakopeyasini ishlab chiqish bo‘limi