Fidoyi ustoz farmatsevtlarga ehtirom ko‘rsatildi
1-oktyabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazida soha taraqqiyotiga umri va mehnatini bag‘ishlagan fidoyi ustoz farmatsevtlarni tabriklashga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda markaz direktori Alisher Temirov ustozlarni samimiy qutlar ekan, ularning mamlakatimiz farmatsevtika sohasi rivojida tutgan beqiyos o‘rnini ta’kidladi.
“Bugungi kunda yurtimizda sog‘liqni saqlash va farmatsevtika sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar poydevorida avvalo ustozlarimizning mehnati, tajribasi va fidoyiligi mujassam. Ularning ilmiy salohiyati, hayotiy tajribasi va sadoqati tufayli yosh kadrlar yetishib chiqmoqda. Shu bois ustozlar – kelajak taraqqiyotimizning mustahkam tayanchi, xalqimizning sog‘lom hayotini ta’minlash yo‘lidagi asosiy quvvatdir.” - dedi direktor Alisher Temirov o‘z nutqida.
Shuningdek, tadbirda davlatimiz rahbari ilgari surgan “Inson qadri uchun” tamoyili sog‘liqni saqlash va farmatsevtika sohasida ham ustuvor vazifa sifatida amalga oshirilayotganligi, bugungi kunda aholiga sifatli dori vositalarini yetkazib berish, farmatsevtika mahsulotlarining xavfsizligini ta’minlash va sohani xalqaro andozalar darajasiga olib chiqish jarayonida ustozlar yaratgan tajriba va bilimlar alohida ahamiyat kasb etayotganligi qayd etildi.
Uchrashuv davomida sohada ko‘p yillik faoliyat yuritgan ustozlarga esdalik sovg‘alari topshirilib, ularning soha rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi va fidokorona xizmatlari munosib e’tirof etildi.
Tadbir davomida ustozlarning hayotiy tajribalari yosh avlodga ibrat sifatida tilga olindi. Ular ortidan yetishib kelayotgan yosh kadrlar esa ustozlar yo‘lini davom ettirish, farmatsevtika sohasida sadoqat bilan xizmat qilishga daxldor ekanliklarini ta’kidlab o‘tishdi.
Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi matbuot xizmati