Markaz laboratoriyasi dori vositalari sifatini baholashda xalqaro e’tirofga sazovor bo‘ldi

29.09.2025 845

Markaz laboratoriyasi dori vositalari sifatini baholashda xalqaro e’tirofga sazovor bo‘ldi

O‘zbekiston farmatsevtika sohasi so‘nggi yillarda jadal rivojlanib, xalqaro standartlarga moslashishda izchil qadamlar tashlamoqda. Buning yorqin misoli sifatida Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi Sinov markazining Dori vositalari sifatini nazorat qilish va standartlashtirish laboratoriyasi yutuqlarini keltirish mumkin.

Yaqinda  mazkur laboratoriya Rossiya Federatsiyasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi “Tibbiyotda qo‘llaniladigan vositalar ekspertizasi ilmiy markazi” (FGBU “NSESMP”) tomonidan tashkil etilgan laboratoriyalararo qiyosiy sinovlarda muvaffaqiyatli ishtirok etdi.

Sinovlar davomida muhim yo‘nalishlar: Qattiq dozalangan dori shakllarining parchalanish darajasini aniqlash, Suyuq dori vositalarining qadoqlanish hajmini o‘lchash, Gaz xromatografiyasi usuli yordamida uchuvchan moddalarni miqdorini aniqlash xamda dori vositalari tarkibida Yuqori samarali suyuqlik xromatografiyasi usuli orqali yot moddalarni aniqlash bo‘yicha laboratoriyaning malakasi baholandi.

Ushbu natijalar Sinov laboratoriyasining texnik imkoniyatlari yuqoriligini va uning faoliyati xalqaro talablarga to‘liq mos kelishini ko‘rsatdi. Sinov markazi rahbari Zufar Boboyev bu yutuqni izohlab shunday dedi:

"Laboratoriyamizning xalqaro darajada e’tirof etilishi — ilmiy va texnik salohiyatimizning yorqin tasdig‘idir. Bu natija dori vositalarining xavfsizligi va samaradorligini ta’minlash borasidagi ishlarimiz to‘g‘ri yo‘nalishda olib borilayotganini ko‘rsatadi. Biz bundan buyon ham aholini sifatli va ishonchli farmatsevtika mahsulotlari bilan ta’minlashda xalqaro standartlarga qat’iy amal qilamiz."

Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazining xalqaro me’yoriy sinovlardagi muvaffaqiyati mamlakatimiz farmatsevtika tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqmoqda. Bu yutuqmahalliy dori vositalarining sifatini oshirish, aholining salomatligini yanada mustahkamlash hamda milliy farmatsevtika mahsulotlarini jahon bozorida ilg‘or o‘rinlarga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Eslatib o‘tamiz, 2025-yilning IV choragida Dori vositalari sifatini nazorat qilish va standartlashtirish laboratoriyasi dori vositalarining zichligi, dorivor o‘simliklarning maydalanish darajasi, titrlash va patensiometrik titrlash usullari orqali miqdoriy tahlil, refraktometrik usulda miqdorini hamda suyuq dori shakllarining rang darajasini aniqlash bo‘yicha taqqoslash sinovlarida ishtirok etishi belgilangan.

Dori vositalari sifatini nazorat qilish va standartlashtirish laboratoriyasi