Mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan onlayn muloqot o‘tkazildi

26.09.2025 1064

Mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan onlayn muloqot o‘tkazildi

Joriy yilning 25 sentyabr kuni Zoom platformasida mahalliy dori vositalari ishlab chiqaruvchi korxonalar ishtirokida onlayn muloqot tashkil etildi. Tadbirda Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi hamda Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining mas’ul xodimlari qatnashdilar.

Muloqot davomida “TEMUR MED FARM” MCHJ tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va amaldagi guvohnomalar muddatini uzaytirish uchun taqdim etilgan 31 nomdagi dori vositalari, shuningdek, “REKA-MED FARM” MCHJ QK ishlab chiqargan 31 nomdagi dori vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish hamda guvohnoma berish masalalari ko‘rib chiqildi.

Uchrashuv jarayonida tadbirkorlarni qiziqtirgan savollarga mas’ullar tomonidan atroflicha javob berildi. Shu bilan birga, mahalliy ishlab chiqarilgan dori vositalarini ekspertizadan o‘tkazish jarayonida aniqlangan kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etish yuzasidan tegishli tavsiya va ko‘rsatmalar berildi.

Bunday muloqotlar farmatsevtika tarmog‘idagi ishlab chiqaruvchilar bilan hamkorlikni mustahkamlash, milliy bozorda sifatli va xavfsiz dori vositalari ulushini oshirishga xizmat qiladi.