Farmakonazorat va dori vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazish mavzusida master-klass o‘tkazilmoqda
Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-avgustdagi “Dori vositalari va tibbiy jihozlar muomalasini tartibga solish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-137-son Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazida muhim ilmiy-amaliy master-klass bo‘lib o‘tmoqda.
Tadbir Markaz direktori Alisher Temirov tashabbusi bilan Rossiya Federatsiyasining Farmakonazorat milliy ilmiy markazi hamkorligida tashkil etilgan bo‘lib, unda yurtimiz farmatsevtika kompaniyalari vakillari, soha mutaxassislari hamda ekspertlar faol ishtirok etmoqda.
Jumladan, Milliy farmakonazorat ilmiy markazi bosh direktori Anatoliy Krasheninnikov, ekspert Viktoriya Korotenko, shuningdek, Markaz farmakonazorat bo‘limi rahbari Saboxat Hayitova o‘z ma’ruza va taqdimotlari orqali ishtirokchiarga farmakonazoratning mazmun-mohiyati, uning bemor salomatligini muhofaza etishdagi o‘rni, dori vositalari qo‘llangandan so‘ng kuzatilishi mumkin bo‘lgan nojo‘ya ta’sirlarni aniqlash va ularning oldini olish mexanizmlari haqida atroflicha ma’lumot bermoqda.
Shuningdek, tadbir davomida dori vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonida xalqaro talablarga mos hujjatlar tayyorlash tartibi, farmakonazorat bo‘yicha xorijiy ilg‘or tajribalar va ularni milliy amaliyotga joriy etish masalalari muhokama qilinmoqda.
Aytish joizki, mazkur master-klass farmatsevtika sohasida faoliyat yuritayotgan mutaxassislar uchun nazariy bilimlarni mustahkamlash bilan birga amaliy ko‘nikmalarni oshirishga ham xizmat qiladi. Tadbir yakunlangach, barcha ishtirokchilarga maxsus sertifikatlar topshiriladi.
Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi