Markaz mutaxassislari Moskvada o‘tkazilayotgan xalqaro o‘quv-seminarda ishtirok etmoqda
“Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” davlat muassasasi Farmakonazorat bo‘limi mutaxassislari Moskva shahrida o‘tkazilayotgan «MedDRA yordamida kodlash» mavzusidagi xalqaro ochiq (face-to-face) o‘quv-seminarida ishtirok etmoqda.
Mazkur seminar dori vositalarini qo‘llashdan keyin kuzatiladigan nojo‘ya reaksiyalar haqidagi ma’lumotlarni to‘plash, kodlash, qayta ishlash va tahlil qilish jarayonlarini xalqaro me’yor va talablarga muvofiq amalga oshirish bo‘yicha mutaxassislarning nazariy bilimlari va amaliy ko‘nikmalarini oshirishga yo‘naltirilgan.
Shu bilan birga, ishtirokchilar farmakonazorat sohasidagi zamonaviy tendensiyalar, ilg‘or xalqaro tajribalar va ularni amaliyotga joriy etish usullari bilan yaqindan tanishadi.
Ma’lumot uchun, MedDRA (Medical Dictionary for Regulatory Activities) — jahon miqyosida e’tirof etilgan va farmakonazorat sohasida keng qo‘llaniladigan standartlashtirilgan tibbiy terminologiya bo‘lib, uning asosiy vazifasi dori vositalari xavfsizligiga oid ma’lumotlarni tizimli va aniq tarzda yig‘ish, tahlil qilish va tegishli qarorlar qabul qilish imkonini berishdan iborat.
Seminar davomida ishtirokchilar MedDRA tizimining asosiy tushunchalari, struktura va iyerarxiyasi, kodlashning me’yor va qoidalari, keyslarni baholash usullari hamda xalqaro farmakonazorat amaliyotida mazkur terminologiyadan samarali foydalanish imkoniyatlarini chuqur o‘rganish imkoniga ega bo‘lishadi.
Farmakonazorat bo‘limi