Dori vositalari sifatini baholashda xalqaro tajriba o‘rganilmoqda

25.09.2025 1017

Dori vositalari sifatini baholashda xalqaro tajriba o‘rganilmoqda

Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi Dori vositalari sifatini nazorat qilish va standartlashtirish laboratoriyasi mutaxassislari Moskvada malaka oshirish dasturi doirasida farmatsevtika sohasidagi ilg‘or tajribalar bilan yaqindan tanishmoqda.

Rossiya Sog‘liqni saqlash vazirligining «Tibbiy mahsulotlar ekspertizasi ilmiy markazi» Moskva filialida tashkil etilgan maxsus o‘quv dasturi laboratoriya jarayonlari, xalqaro standartlarga (GLP, ISO/IEC 17025, JSST talablari) muvofiq sifat nazorati tizimlari, zamonaviy analitik usullar va yangi texnologiyalarni samarali joriy qilish yo‘nalishlarini qamrab oladi.

Ishtirokchilar kurs davomida dori vositalari sifatini baholashda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan farmakopeya standart namunalarini ishlab chiqish va ulardan foydalanish metodologiyasini, shuningdek farmatsevtika sohasida yangi texnologiyalarni joriy qilish, adaptatsiya qilish va samarali boshqarishning nazariy hamda amaliy jihatlarini o‘rganadi.

Malaka oshirish dasturining asosiy maqsadi — O‘zbekistonda dori vositalari sifatini nazorat qilish tizimini xalqaro standartlarga muvofiq takomillashtirishdir.

Mutaxassislar qayd etishicha, olingan bilim va ko‘nikmalar xorijiy dori mahsulotlarini ekspertiza qilish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash va milliy farmakopeya talablarini rivojlantirish samaradorligini oshiradi.

Bu tashabbus mamlakat farmatsevtika sohasini jahon hamjamiyati bilan yanada yaqin integratsiya qilish va aholiga yetkazib berilayotgan dori vositalari sifati hamda ishonchini yangi bosqichga ko‘tarishda muhim ahamiyat kasb etadi.