Dori vositalari va tibbiy jihozlarni ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonida intellektual mulk muhofaza jarayoni raqamlashtiriladi

23.09.2025 1404

Dori vositalari va tibbiy jihozlarni ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonida intellektual mulk muhofaza jarayoni raqamlashtiriladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-avgustdagi “Dori vositalari va tibbiy jihozlar muomalasini tartibga solish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF–137-son Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida "Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi" davlat muassasasida navbatdagi uchrashuv tashkil etildi.

Markaz va Adliya vazirligi mas’ullari ishtirokida o‘tkazilgan tadbirda dori vositalari va tibbiy jihozlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonida intellektual mulk obyektlarini muhofaza qilish mexanizmlarini raqamlashtirish imkoniyatlari muhokama etildi.

Xususan, «Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi» axborot tizimini Adliya vazirligining Intellektual mulk elektron davlat xizmatlari portali bilan integratsiya qilish bo‘yicha tegishli texnik yo‘riqnomani ishlab chiqish hamda bu yo‘nalishda amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, raqamli texnologiyalardan samarali foydalanish orqali dori vositalari va tibbiy jihozlarni ro‘yxatdan o‘tkazishda shaffoflikni ta’minlash, ortiqcha byurokratik jarayonlarni qisqartirish va intellektual mulk huquqlarini samarali himoya qilish imkoniyatlari ham atroflicha muhokama qilindi.

Axborot texnologiyalari bo‘limi