Dori vositalarini bemorlarga tayinlashda xalqaro patentlanmagan nom bo‘yicha elektron retsept rasmiylashtiriladi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 8-sentyabrdagi «Sog‘liqni saqlash tizimini raqamlashtirish jarayonlarini yanada jadallashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 570-son qaroriga muvofiq, 2025-yil 10-dekabrdan boshlab, Toshkent shahri hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Respublikada sog‘liqni saqlash tizimini va aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish tamoyillarini takomillashtirish orqali sohani isloh qilishni izchil davom ettirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2025-yil 19-maydagi PF-88-son Farmoniga muvofiq tajriba-sinov loyihasi amalga oshiriladigan 15 ta tuman (shahar)lardagi barcha tibbiyot tashkilotlarida:
☑️ dori vositalarini bemorlarga tayinlashda dori vositalarining xalqaro patentlanmagan nomi bo‘yicha (agar mavjud bo‘lsa) elektron retsept rasmiylashtiriladi (alohida toifadagi kuchli ta’sir qiluvchi moddalar, tarkibida giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar saqlovchi dori vositalari hamda reimbursatsiya dasturi bilan bog‘liq jarayonlar bundan mustasno);
☑️ bemorlarga tayinlangan dori vositalari to‘g‘risidagi ma’lumot (xalqaro patentlanmagan yoki original dori nomi, kunlik dozasi, qabul qilish yoki yuborish usuli, miqdori, davomiyligi) elektron retseptga bevosita shifokor tomonidan kiritiladi hamda elektron tasdiqlash usullari orqali tasdiqlanadi;
☑️ tibbiyot tashkilotlari va dorixonalarning mavjud axborot tizimlarini Sog‘liqni saqlash vazirligining Raqamli sog‘liqni saqlash platformasiga va axborot tizimiga ulash yoki ularning so‘roviga asosan ularda vazirlikning «Elektron sog‘liqni saqlash» axborot tizimi modullari bepul o‘rnatiladi;
☑️ tibbiyot va farmatsevtika tashkilotlari Sog‘liqni saqlash vazirligining «Elektron sog‘liqni saqlash» axborot tizimiga ulanish uchun zarur moddiy-texnik bazaga, barqaror Internet va elektr tarmog‘iga ega bo‘lishlari shart.