Markaz laboratoriyasi xalqaro malaka sinovida muvaffaqiyatli ishtirok etdi

19.09.2025 632

Markaz laboratoriyasi xalqaro malaka sinovida muvaffaqiyatli ishtirok etdi

"Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi" davlat muassasasi Sinov markazining Farmako-toksikologik tahlil laboratoriyasi Rossiya Federatsiyasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi "Tibbiyotda qo‘llaniladigan vositalar ekspertizasi ilmiy markazi" (FGBU «NSESMP») tomonidan tashkil etilgan laboratoriyalararo qiyosiy sinovlarda muvaffaqiyatli ishtirok etdi.

"Bakterial endotoksinlarni aniqlash. Sifat ko‘rsatkichini belgilash (gel-tromb testi, A usuli)" mavzusida o‘tkazilgan sinovlarda laboratoriyaning texnik imkoniyatlari va mutaxassislar salohiyati xalqaro mezonlar asosida baholandi.

Bakterial endotoksinlarni aniqlash tibbiyot va farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligini ta’minlashda juda muhim yo‘nalish hisoblanadi. Ushbu ko‘rsatkich tibbiy vositalar, ayniqsa, inson organizmiga kiritiladigan dori vositalari uchun xavfsizlik talablariga javob berishini kafolatlaydi.

Shu bois, xalqaro nufuzli tashkilotlar tomonidan o‘tkaziladigan malaka sinovlarida ishtirok etish laboratoriyaning sifatli va ishonchli natijalarga erishishini tasdiqlaydi.

Ushbu natija Markazning xalqaro nufuzini yanada oshirib, farmako-toksikologik tahlil sohasida qo‘llanilayotgan uslublar jahon standartlariga mos ekanini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, xalqaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlab, O‘zbekiston farmatsevtika sohasiga zamonaviy, ishonchli va xavfsiz yechimlarni tatbiq etish imkoniyatlarini kengaytiradi.

Farmako-toksikologik tahlil laboratoriyasi