Tibbiy buyum va tibbiy texnika sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar bilan onlayn muloqot o‘tkazildi
Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi tomonidan davlat siyosatini amalga oshirish, sohadagi ishbilarmonlik muhitini yanada takomillashtirish hamda ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonlarini optimallashtirish maqsadida tibbiy buyum va tibbiy texnika sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar bilan onlayn muloqot o‘tkazildi.
Markaz direktori o‘rinbosari Nozim Berdiyev boshchiligida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda 50 dan ortiq tadbirkorlik subyektlari va soha mutaxassislari ishtirok etdi.
Tadbir davomida tibbiy buyum va tibbiy texnikalarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va qayta ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi, elektron ariza topshirish jarayonida amalga oshirilgan raqamlashtirish yangiliklari haqida batafsil tushuntirish berildi. Shu bilan birga, tadbirkorlarni qiynayotgan masalalar bo‘yicha muammolar o‘rganilib, ularning taklif va tavsiyalari tinglandi.
Markaz mutasaddilari qayd etganidek, ushbu uchrashuv farmatsevtika sohasini rivojlantirish bo‘yicha Prezidentimiz rahbarligida olib borilayotgan ustuvor siyosatning amaliy ifodasidir. Bu kabi muloqotlar tizimli ravishda o‘tkazilishi esa soha taraqqiyoti va aholi salomatligini ta’minlashda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.