Texnik talablar amaliyotda: soha mutaxassislari o‘z malakasini oshirdi
Yurtimizda tibbiy mahsulotlar xavfsizligini ta’minlash, jumladan, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika vositalarining texnik talablarga muvofiqligini oshirish, ularning aholi salomatligiga salbiy ta’sirini oldini olishga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda.
Aynan shu maqsadda, Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi huzuridagi Tibbiy mahsulotlarni sertifikatlashtirish markazi organi, Tibbiy buyumlar va tibbiy texnika sifati nazorati laboratoriyasi hamda Metrologiya xizmati mutaxassislari “Texnik vositalarning elektromagnit moslashuv ko‘rsatkichlari talablari” mavzusidagi malaka oshirish o‘quv kurslarida faol ishtirok etdi.
Mazkur seminar xalqaro texnik reglamentlar va davlat standartlari doirasida tibbiy uskunalarning elektromagnit muvofiqligi (EMS) bo‘yicha amaliyotlarni to‘g‘ri va samarali tashkil etishga qaratildi. Ta’lim jarayonida zamonaviy o‘lchov vositalari bilan ishlash, xavfsizlik me’yorlarini aniqlash, monitoring va testlash bo‘yicha nazariy va amaliy bilimlar yangilandi.
Ta’kidlash joiz bu kabi treninglar nafaqat tibbiy mahsulotlar sifat nazoratida soha vakillarining kasbiy saviyasini oshirishga, balki tarmoqdagi umumiy texnologik taraqqiyotni rag‘batlantirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, xalqaro talablarga mos, raqobatbardosh, xavfsiz va yuqori sifatli tibbiy texnika vositalarining joriy qilinishiga zamin yaratadi.
Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi tomonidan soha mutaxassislarining doimiy tarzda bilim va ko‘nikmalarini oshirib borishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish tizimli tarzda davom ettiriladi.