Dori vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish masalalari yuzasidan onlayn muloqot o‘tkazildi
Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi tashabbusi bilan ZOOM platformasi orqali mahalliy dori vositalarini ishlab chiqaruvchi korxonalar ishtirokida navbatdagi onlayn muloqot tashkil etildi. Unda Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi hamda Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi mas’ullari ishtirok etdi.
Muloqotdan ko‘zlangan asosiy maqsad — mahalliy ishlab chiqaruvchi subyektlar tomonidan taqdim etilayotgan dori vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonlarida uchrayotgan muammoli jihatlarni o‘rganish, ularni hal etish bo‘yicha amaliy yo‘l-yo‘riqlar berish, shuningdek, sohadagi o‘zaro hamkorlikni yanada kuchaytirishdan iborat bo‘ldi.
Uchrashuvda “SAMARKAND-ENGLAND ECO-MEDICAL” MCHJ qo‘shma korxonasi tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va ro‘yxatdan o‘tganlik guvohnomalari amal qilish muddatini uzaytirish uchun taqdim etilgan 93 nomdagi dori vositalari, shuningdek, “BAYAN MEDICAL” MCHJ tomonidan ishlab chiqarilgan 31 nomdagi dori vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va tegishli guvohnomalarni rasmiylashtirish masalalari atroflicha muhokama etildi.
Muloqot davomida mutaxassislar tomonidan dori vositalarini ekspertizadan o‘tkazishda aniqlangan kamchiliklar haqida aniq ma’lumotlar berildi. Shu bilan birga, bu kabi kamchiliklarni bartaraf etish, hujjatlarni to‘g‘ri shakllantirish va reglament talablariga rioya qilish bo‘yicha ishlab chiqaruvchi korxonalarga amaliy tavsiya va ko‘rsatmalar berildi.
Uchrashuv so‘ngida mahalliy ishlab chiqaruvchilarga dori vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonlarida shaffoflik va sifat talablariga qat’iy rioya etish lozimligi, bu esa aholi salomatligini ta’minlashda hal qiluvchi omil ekani alohida ta’kidlandi.
Bunday muloqotlar kelgusida ham doimiy ravishda tashkil etilib, farmatsevtika sohasida davlat idoralari va tadbirkorlar o‘rtasida samarali hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.