Davlat farmakopeyasining 2-nashriga kiritish uchun rejalashtirilgan farmakopeya maqolalari dastlabki ekspertizadan o‘tkazildi
"Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi" davlat muassasasi Davlat farmakopeyasini ishlab chiqish bo‘limi mutaxassislari tomonidan may oyi davomida O‘zbekiston Respublikasi Davlat farmakopeyasining 2-nashri 1-jildiga kiritilishi ko‘zda tutilgan Yevropa farmakopeyasining 9–10 hamda amaldagi 11-nashrlari oralig‘idagi o‘zgartirish va to‘ldirishlar asosida tanlab olingan 50 ga yaqin farmakopeya maqolalari va monografiyalari dastlabki ekspertizadan o‘tkazildi.
Ayni vaqtda, Davlat farmakopeyasi Ixtisoslashgan ekspert komissiyalari hamda ularning Ishchi guruhlariga jalb qilingan respublikamizning yetuk mutaxassislari tomonidan maqolalarni ilmiy jihatdan tarjima qilish va tahrirlash ishlari amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga, Yevropa farmakopeya komissiyasining tegishli qarori hamda Respublikamizning ichki sharoitlarni inobatga olgan holda chiqarib yuborilishi rejalashtirilgan maqolalarga
ham e’tibor qaratilmoqda.
Shuningdek, Davlat farmakopeyasi Kotibiyatining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Davlat farmakopeyasining 2-nashri 1-jildiga kiritilishi rejalashtirilgan 300 dan ortiq ingliz tilidagi farmakopeya maqolalari matnlarini uyg‘unlashtirish hamda o‘zbek va rus tillariga tarjima qilish jarayoni muhokama qilindi. Yig‘ilishda uyg‘unlashtirish jarayonidan vujudga kelayotgan munozarali so‘zlar va atamalar yuzasidan fikr almashildi.
Bundan tashqari, "Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi" davlat muassasasi direktorining 176-sonli buyrug‘i ijrosini ta’minlash maqsadida Davlat farmakopeyasi 1-nashri 1-jildi ilovasi Xalqaro tashkilotlar, Vazirlik va idoralarga, Markaz bo‘lim va bo‘linmalari, shuningdek, oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalariga bepul taqdim etildi.