Britaniyaning “Waters” xalqaro kompaniyasi bilan hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi direktori o‘rinbosari Nozim Berdiyev boshchiligidagi markaz mutaxassislari Buyuk Britaniyaning “Waters” xalqaro kompaniyasi vakillari bilan uchrashdi. Uchrashuv davomida tomonlar farmatsevtika mahsulotlarini tahlil qilish, sifat va xavfsizlikni baholash sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini muhokama qildilar.
Xususan, zamonaviy laboratoriya sinovlarini o‘tkazish, ilg‘or uskunalarni joriy etish hamda markaz mutaxassislari uchun amaliy treninglar tashkil etish masalalari kun tartibidan o‘rin oldi.
Ma’lumot uchun, “Waters” kompaniyasi — xromatografiya, mass-spektrometriya va laboratoriya tahlili sohalarida global yetakchilardan biri hisoblanadi. Kompaniya farmatsevtika, biotexnologiya, oziq-ovqat xavfsizligi, ekologik nazorat va klinik tadqiqot sohalarida faoliyat yurituvchi yuzlab ilmiy markazlar bilan hamkorlik qiladi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli va uzoq muddatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga qiziqish bildirdilar. Bunda, ayniqsa, O‘zbekistondagi laboratoriya infratuzilmasini xalqaro talablar darajasida takomillashtirish va mahalliy mutaxassislarning malakasini oshirishga qaratilgan tashabbuslarga alohida e’tibor qaratildi.
Mazkur muloqot O‘zbekiston farmatsevtika sohasini rivojlantirish, sifat nazoratini xalqaro mezonlar asosida kuchaytirish hamda ilmiy-texnik hamkorlikni yanada kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.