“Imfinzi” (durvalumab) dori vositasining soxta partiyalaridan ogoh bo‘ling!

28.05.2025 2665

“Imfinzi” (durvalumab) dori vositasining soxta partiyalaridan ogoh bo‘ling!

 

JSST — Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan 2025-yil 15-mayda taqdim etilgan ma’lumotga ko‘ra, Sharqiy O‘rta yer dengizi va Yevropa hududlarida “AstraZeneca” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan deb ko‘rsatilgan “Imfinzi” (durvalumab), infuziya uchun eritma tayyorlash uchun konsentrat 500mg/10ml dori vositasining soxta partiyalari aniqlangan.

Mazkur soxta mahsulotlar Eron Islom Respublikasi (BAZR, BBEG partiyasi) va Turkiya hududlarida (AVZT partiyasi) aniqlangan bo‘lib, bu holatlar haqida 2025-yil mart oyida JSSTga xabar qilingan. Avvalroq ham JSST tomonidan Armaniston, Livan va Turkiyada aniqlangan boshqa soxta partiyalar haqida Tibbiy mahsulotlar bo‘yicha ogohlantirish №5/2024 orqali ma’lumot berilgan edi.

Ma’lumot uchun, “Imfinzi” (durvalumab) – faol modda durvalumab asosidagi dori vositasi bo‘lib, u monoklonal antitanachalar toifasiga kiradi va monoterapiya sifatida kattalardagi kichik bo‘lmagan hujayrali o‘pka saratoni (NSCLC) ni davolashda qo‘llaniladi. Dori vositasi retsept asosida beriladi.

Eslatib o‘tamiz, JSST xabarida aytilgan “Imfinzi” dori vositasi mamlakatimizda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan hamda O‘zbekiston Respublikasida Tibbiyot amaliyotida qo‘llanilishiga ruhsat etilgan dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika Davlat reyestriga kiritilmagan. Ayni paytga qadar yurtimizda “Imfinzi” dori vositasidan foydalanish bilan bog‘liq nojo‘ya holatlar haqida Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markaziga spontan xabarlar kelib tushmagan.

Hurmatli yurtdoshlar! 

Agar Sizda dori vositalarni qo‘llash chog‘ida nojo‘ya reaksiyalar aniqlansa Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markaziga murojaat qiling.

Quyidagi havolada ko‘rsatilgan shakldagi xabarnomani farmakonadzor@ssv.uz elektron pochtasiga yoki 100002, Toshkent sh., Ozod ko‘chasi, K. Umarov tor ko‘chasi, 16-uy manziliga jo‘nating.

Murojaat uchun: (71) 203-01-01 | 4144