Dori vositalaridagi nitrozaminlar xavfi va nazorat choralari muhokama qilindi

28.05.2025 1590

Dori vositalaridagi nitrozaminlar xavfi va nazorat choralari muhokama qilindi

 

Avval xabar berganimizdek shu kunlarda, Sog‘liqni saqlash vazirligi, “Farmatsevtika mahsulotlar xavfsizligi markazi” davlat muassasasi, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi hamda AQSH Farmakopeyasi (USP) hamkorligida farmatsevtika sohasini tartibga solishga bag‘ishlangan xalqaro anjuman bo‘lib o‘tmoqda.

Tadbirning ikkinchi kunida so‘zga chiqqan markazning Sinov markazi rahbari, Zufar Boboyev, nitrozaminlarning xavfi, ularning dori vositalarida paydo bo‘lish sabablari, zamonaviy aniqlash usullari va bu borada O‘zbekistonda olib borilayotgan ishlar haqida taqdimot qildi. 

Ma’lumot uchun, nitrozaminlar – yuqori toksiklik, mutogenlik va kanserogen xususiyatlarga ega bo‘lgan kimyoviy birikmalar bo‘lib, ular dori vositalarining ishlab chiqarish, saqlash yoki qadoqlash jarayonlarida hosil bo‘lishi mumkin. Xalqaro tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, nitrozaminlar uzoq muddatli iste’molda saraton rivojlanishi, homiladorlikdagi asoratlar va immunitet tizimining susayishiga olib kelishi mumkin.

Zufar Boboyevning ta’kidlashicha, O‘zbekistonda nitrozaminlarni nazorat qilish bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rilmoqda. Jumladan, Sog‘liqni saqlash vazirligining 2024-yil 28-iyundagi 214-sonli buyrug‘i asosida inson salomatligiga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan 27 turdagi nitrozaminlar ro‘yxati tuzilgan. Shuningdek, Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi laboratoriyalari zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan bo‘lib, ular nitrozaminlarni aniq aniqlash imkonini beradi.

Taqdimoti davomida xalqaro tajribalar, jumladan, valsartan, ranitidin va metformin preparatlarida nitrozaminlar aniqlanganligi haqidagi misollar keltirilib, O‘zbekistonda ham shunga o‘xshash vaziyatlarning oldini olish uchun tegishli ishlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.