Majburiy raqamli markirovkalash tizimi samaradorligi oshiriladi
“Majburiy raqamli markirovkalash tizimi samaradorligini oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ-190-son, 23.05.2025 y.) qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, raqamli markirovkalangan mahsulotlarning harakat zanjirini to‘liq kuzatib borish orqali yashirin ishlab chiqarish va kontrafakt mahsulotlar muomalasiga chek qo‘yish asosiy maqsad etib belgilandi.
❗️2025-yil 1-iyuldan boshlab:
☑️ import qiluvchi tashkilot tomonidan O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kelingan dori vositalarini ularning ulgurji va chakana savdo bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik subyektlariga to‘g‘ridan to‘g‘ri yoki uning rasmiy dilerlari orqali realizatsiya qilish elektron hisobvaraq-faktura asosida amalga oshiriladi;
❗️2025-yil 1-sentyabrdan boshlab:
☑️ majburiy raqamli markirovkalanadigan mahsulotlarni realizatsiya qilishda markirovka kodi biriktirilmagan elektron hisobvaraq-fakturani rasmiylashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi;
raqamli markirovkalanadigan mahsulotlarni chakana realizatsiya qilishda:
☑️ markirovka kodi kiritilgandan so‘ng onlayn nazorat-kassa texnikasining kassa cheki shakllantiriladi;
☑️ avval foydalanilgan markirovka kodlari kiritilganda onlayn nazorat-kassa texnikasining kassa chekini shakllantirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
2025-yil 1-sentyabrdan boshlab farmatsevtika faoliyatini hamda dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish faoliyatini litsenziyalash talablariga quyidagilarni nazarda tutuvchi qo‘shimcha shartlar kiritiladi:
❗️Yangidan tashkil etilgan subyektlarga litsenziya berishda:
☑️ faoliyatini amalga oshirish uchun ko‘chmas mulk bo‘yicha ijara yoki tekin foydalanish shartnomasi soliq organlarida hisobga qo‘yilganligi;
☑️ dori vositalarini realizatsiya qilishda xaridorlardan to‘lovlarni qabul qilish bo‘yicha elektron to‘lov vositalaridan foydalanish imkoniyati yaratilganligi;
☑️ soliq tekshiruvlarida kirim hujjatlarsiz (kontrafakt) va (yoki) markirovkalanmagan dori vositalarini sotib olish, tashish, saqlash yoki realizatsiya qilish holatlari aniqlanganda soliq organlari tashabbusiga ko‘ra vakolatli organ tomonidan tegishli subyekt litsenziyasining amal qilishini to‘xtatib turish.
☑️ ishlab chiqaruvchining dori vositalariga belgilangan cheklangan sotish narxi bazaviy hisoblash miqdorining ikki (avval bir foiz edi) foizidan yuqori bo‘lmaganda, raqamli markirovka kodlari Operator tomonidan bepul taqdim etiladi;
Tayyor mahsulotlarni agregatsiyalash tizimini yo‘lga qo‘yish hamda raqamli markirovka kodlari yuzasidan ma’lumotlar elektron hisob-varaq fakturalarga biriktirilishini ta’minlash 2025-yil 1-oktyabr etib belgilandi.