Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi — yurtimiz farmatsevtika tizimidagi ishonchli ekspertiza maskani
Farmatsevtika sohasini rivojlantirish, fuqarolarning hayoti va salomatligini himoya qilish borasida sifatli va xavfsiz dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikalarni muomalaga chiqarishda qat’iy nazoratni yo‘lga qo‘yish maqsadida 1995-yil 25-may kuni Vazirlar Mahkamasining 181-son qaroriga muvofiq “Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi” davlat unitar korxonasi tashkil etilgan.
Ushbu maskan 1995-yil 29-iyunda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilib, o‘z faoliyatini boshlagan. Yillar davomida Davlat markazi respublika farmatsevtika tizimida yuqori malakali ekspertiza va standartlashtirish ishlarini amalga oshirib, xalqimiz salomatligi yo‘lida muhim mas’uliyatni o‘z zimmasiga oldi.
Davlat markazi faoliyatini yanada takomillashtirish va tizimli asosda rivojlantirish maqsadida, 2017-yil 12-iyunda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli Farmoniga muvofiq, mazkur tashkilot sog‘liqni saqlash tizimining tashkiliy tuzilmasiga kiritildi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda farmatsevtika sohasiga bo‘lgan e’tibor kuchayib, ushbu sohada chuqur islohotlar olib borilmoqda. Xususan, Prezidentimizning 2023-yil 20-iyundagi 197-son qaroriga asosan, “Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” davlat muassasasi Davlat markazi negizida tashkil etilib, bugungi kunda Sog‘liqni saqlash vazirligiga bevosita bo‘ysungan holda o‘z faoliyatini davom ettirmoqda.
Mazkur markaz farmatsevtika mahsulotlarining sifatini, xavfsizligini va samaradorligini aniqlashda, ularni ekspertizadan o‘tkazishda hamda xalqaro standartlarga mos ravishda tartibga solishda asosiy ilmiy-amaliy baza hisoblanadi.