O‘zbekiston xalqaro farmatsevtika maydonida: Madriddagi ICH va IPRP yig‘ilishlarida milliy tajriba taqdim etildi

17.05.2025 2354

O‘zbekiston xalqaro farmatsevtika maydonida: Madriddagi ICH va IPRP yig‘ilishlarida milliy tajriba taqdim etildi

 

Joriy yilning 12–16-may kunlari Ispaniyaning Madrid shahrida «Inson foydalanadigan farmatsevtika vositalariga qo‘yiladigan texnik talablarni uyg‘unlashtirish bo‘yicha Xalqaro kengash» (ICH) va «Dori vositalarini tartibga solish bo‘yicha xalqaro platforma» (IPRP) umumiy yig‘ilishlari bo‘lib o‘tdi. Ushbu nufuzli xalqaro tadbirlarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining sohaga oid qaror va farmonlari ijrosini ta’minlash maqsadida «Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi» davlat muassasasi delegatsiyasi ishtirok etdi.

Yig‘ilishlarda dori vositalarini tartibga solish, farmakonazorat tizimini takomillashtirish, axborot almashinuvi va ilmiy hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Markaz direktori Alisher Temirov o‘z ma’ruzasida O‘zbekistonda soha rivoji yo‘lidagi amaliy chora-tadbirlar, milliy farmakonazorat tizimiga xalqaro standartlarni joriy etish ishlari haqida so‘z yuritdi. Uning taqdimotida mintaqaviy yangiliklar va xalqaro amaliyotlarni uyg‘unlashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berildi.

Yig‘ilish doirasida quyidagi muhim natijalar qayd etildi:

MedDRA xalqaro lug‘ati o‘zbek tiliga tarjima qilinishi uchun moliyaviy va texnik ko‘mak ajratish tasdiqlandi. Bu kelgusida uni O‘zbekistonning farmatsevtika mahsulotlarini tartibga solish organi tizimiga integratsiya qilishda muhim qadam bo‘ladi.

• O‘zbekistonda ICH yo‘riqnomalarini joriy etish bo‘yicha treninglar o‘tkazilishi uchun moliyaviy ko‘mak ajratilishi belgilandi.

2027-yilda ICH Assambleyasini O‘zbekistonda o‘tkazish taklifi ilgari surildi.

AQSH Oziq-ovqat va dori-darmonlarni tartibga solish boshqarmasi (Food and Drug Administration - FDA) tomonidan texnik ko‘mak ko‘rsatish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

O‘zbekistonning Xalqaro Dori vositalarini tartibga soluvchi idoralar koalitsiyasi (International Coalition of Medicines Regulatory Authorities - ICMRA) tuzilmasiga a’zo sifatida qo‘shilishi rasman e’lon qilindi.

Eng yirik tartibga soluvchi idoralar, shu jumladan Misr Dori vositalarini va tibbiy buyumlarni tartibga solish boshqarmasi (Egyptian Drug Authority - EDA) va Kanada Sog‘liqni saqlash vazirligi (Health Canada) tomonidan treninglarni tashkil etish va o‘tkazishda texnik yordam ko‘rsatish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

O‘zbekistonning 11 nafar mutaxassisi IPRP doirasidagi 10 ishchi guruhda bioekvivalentlik, biosimilyarlar, gen terapiyasi, nanomeditsina va mahsulot sifatini nazorat qilish yo‘nalishlarida faol ishtirok etmoqda.

Bu tashrif va ishtirok O‘zbekistonning farmatsevtika sohasini xalqaro mezonlar asosida rivojlantirish yo‘lidagi qat’iy harakatlarining amaliy ifodasidir. Xalqaro hamkorlik va standartlarni uyg‘unlashtirish orqali mamlakatimiz dori vositalari xavfsizligi va samaradorligini ta’minlashda yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.