Dori vositalari ishlab chiqaruvchi va import qiluvchi tashkilotlar diqqatiga!

14.05.2025 1757

Dori vositalari ishlab chiqaruvchi va import qiluvchi tashkilotlar diqqatiga!

 

Xabaringiz bor, 2022-yil 1-sentyabrdan TIF TN kodi pozitsiyasi 3003, 3004 bo‘lgan dori vositalarini raqamli markirovkalash tizimi bosqichma-bosqich joriy etildi.

Hozirgi kunda, Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazining Maxsus raqamli markirovkalashni joriy etish bo‘limi mutaxassislari tomonidan dorixonalarda raqamli markirovkalash tizimini joriy etish ishlari o‘rganilmoqda.

O‘rganishlar davomida, bir qancha dori preparatlariga identifikatsiya vositalari ma’lumotlarni yig‘ish terminallari, maxsus (mobil) ilovalar va lazer skanerlari orqali o‘qilmaydigan (o‘ta och yoki quyuq siyohda bosilgan) tarzda bosib tushurilganligi hamda iste’mol qadog‘iga qo‘llanilgan stikerlarni dori vositalarining tasdiqlangan normativ hujjatlarida ko‘rsatilmagan joyga yelimlash holatlari ko‘plab uchrashi ma’lum bo‘lmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 2-apreldagi 149-son qarori bilan raqamli identifikatsiyalash vositasi hamda stikerni iste’mol qadog‘iga qo‘llashda bir nechta talablar belgilangan.

Xususan, raqamli identifikatsiyalash vositasini dori vositasining ikkilamchi yoki birlamchi o‘ramiga maxsus ajratilgan kontrast joyga bosib tushirish yoki stiker bilan yelimlash orqali amalga oshirish;

raqamli identifikatsiya vositalari hajmi va joylashuvi iste’mol qadog‘ining ochilishi (buzilishi) kerak bo‘lmasdan raqamli identifikatsiya vositalari to‘g‘ridan to‘g‘ri aniqlash va o‘qish imkonini ta’minlashi, shu jumladan, ma’lumotlarni yig‘ish terminallari, maxsus (mobil) ilovalar, lazer skanerlari orqali o‘qish imkonini ta’minlashi lozim;

raqamli identifikatsiya vositasini ISO/IEC 15415 standartiga muvofiq S yoki undan yuqori sifatli sinf darajasida qo‘llash;

stiker ishlab chiqarilgan paytdan boshlab yakuniy iste’molchiga sotilishiga qadar raqamli identifikatsiyalash vositasi va unda chop etilgan boshqa ma’lumotlarning saqlanishi va o‘qilishi ta’minlangan usulda tayyorlanadi;

stiker to‘g‘ridan to‘g‘ri qadoqqa (qadoqning tashqi tomoniga) bunday qadoqning dizayn sxemasida uni qo‘llash uchun nazarda tutilgan joyda qo‘llaniladi;

stiker qadoqqa faqat mazkur qadoqqa va stikerning o‘ziga zarar yetkazmasdan ajratishga imkon bermaydigan holda hamda ularni qayta ishlatish mumkin bo‘lmagan usul bilan qo‘llaniladi;

stiker qo‘llanilishi texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiq qadoqqa qo‘llaniladigan ma’lumotlarning yaxlitligi va mavjudligini buzmasligi va boshqalar.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 27-oktyabrdagi “Dori vositalarining xavfsizligi to‘g‘risidagi umumiy texnik reglamentni tasdiqlash haqida”gi 365-son qaroriga muvofiq, raqamli identifikatsiya vositasi dori vositasining tasdiqlangan normativ hujjatidagi qadoq maketida ko‘rsatilgan joyda joylashtirilishi belgilangan.

Shuningdek, yuqoridagi qarorga asosan, agar dori vositasining qadog‘ida raqamli identifikatsiyalash vositasi bo‘lsa, bu vosita 2D-skanerlar yordamida o‘qilishi va “Asl belgisi” mahsulotlarni markirovkalash va kuzatib borish milliy axborot tizimidan dori vositasi haqidagi ma’lumotlarni aks ettirishi kerakligi qayd etilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 31-dekabrdagi 833-son qaroriga muvofiq, qonunchilikda majburiy raqamli markirovkalanishi belgilangan mahsulotlarni ishlab chiqaruvchilar va import qiluvchilar tomonidan nuqsonli (brak bo‘lgan) raqamli markirovkalangan mahsulotlarni hisobdan chiqarish yoki sotish bilan bog‘liq bo‘lmagan sabablarga ko‘ra muomaladan chiqarish talablarini buzish, identifikatsiya vositalari orqali raqamli markirovkalash qoidalarini buzilishi deb hisoblanadi va Soliq kodeksining 227-1-moddasiga asosan javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 27-oktyabrdagi 365-son hamda 2022-yil 2-apreldagi 149-son qarorlari talablariga rioya qilinmay identifikatsiya vositalari orqali raqamli markirovkalangan dori vositalarini sertifikatlashtirish rad etiladi.

Yuqorida keltirilgan Hukumat qarorlariga muvofiq, dori vositalari ishlab chiqaruvchi va import qiluvchi tashkilotlardan, raqamli markirovkalash bo‘yicha belgilangan texnik reglament talablariga hamda raqamli markirovkalash qoidalariga qatiy rioya etishlarini so‘raymiz.

Eslatib o‘tamiz, dori vositalarini raqamli markirovkalash bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot olish uchun Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazining Maxsus raqamli markirovkalashni joriy etish bo‘limi (Tel: 71 203-01-01 (ichki raqam: 2480) hamda “Asl belgisi” mahsulotlarni markirovkalash va kuzatib borish milliy axborot tizimi operatori “CRPT TURON” MCHJ (telefon raqami +998-71-203-88-72)ga murojaat qilishingiz mumkin.