USP bilan hamkorlik yangi bosqichda: Markaz delegatsiyasi “USP Konvensiyasi – 2025”da ishtirok etmoqda

08.05.2025 2515

USP bilan hamkorlik yangi bosqichda: Markaz delegatsiyasi “USP Konvensiyasi – 2025”da ishtirok etmoqda

 

Shu kunlarda AQSHning Merilend shtati, Rokvill shahrida “USP Konvensiyasi–2025” xalqaro anjumani bo‘lib o‘tmoqda. Unda Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi direktor o‘rinbosari Nozim Berdiyev boshchiligida Markaz delegatsiyasi ham ishtirok etmoqda.

Ma’lumot uchun, 50 ga yaqin mamlakatdan 450 dan ziyod tashkilot vakillarini birlashtirgan mazkur anjuman dori vositalarining sifati, xavfsizligi, samaradorligi va ommabopligi bilan bog‘liq global muammolarni muhokama qilish, hamkorlikda yechimlar ishlab chiqishga qaratilgan.

Anjumanda USP Konvensiyasiga ovoz beruvchi a’zo delegat sifatida ishtirok etayotgan O‘zbekiston Respublikasi Davlat farmakopeyasi bosh muharriri Habibulla Jalilovning ta’kidlashicha konvensiya yig‘ilishi davomida qabul qilingan rezolyutsiyalar 2025-2030-yillarda standartlar va tartibga solish amaliyotini strategik rivojlantirish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi, global farmatsevtika siyosati va aholi salomatligini muhofaza qilishga ta’sir ko‘rsatadi.

Ma’lumot uchun, so‘nggi yillarda O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi va USP o‘rtasidagi hamkorlik mustahkamlanib, 2023-yilda qator shartnoma va memorandumlar imzolangan. O‘zbekiston Respublikasi Davlat farmakopeyasida USP monografiyalarini joriy etish ishlari ham amalga oshirilmoqda — jumladan, so‘nggi nashrda 31 ta zamonaviy USP maqolalari qamrab olingan.

Anjuman sifatli dori vositalardan teng foydalanishni ta’minlash, innovatsion tahliliy yondashuvlarni ishlab chiqish, ilmiy yutuqlarni standartlarga integratsiya qilish, shuningdek, sog‘liqni saqlash sohasidagi global inqirozlarga javob berishda farmakopeyalarning rolini kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.