Ibn Sino jamoat fondi bilan anglashuv memorandumi imzolandi
O‘zbekistonda farmatsevtika sohasidagi ilmiy-amaliy ishlar, sifat nazorati tizimi hamda Davlat farmakopeyasi bo‘yicha olib borilayotgan faoliyat bilan yaqindan tanishish, shuningdek, ikki tomonlama hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qilish maqsadida "Ibn Sino" jamoat fondi rahbari Mixael Sach boshchiligidagi delegatsiya Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markaziga tashrif buyurdi.
Uchrashuvda Markaz direktori o‘rinbosari Nozim Berdiyev mehmonlarga Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazining asosiy yo‘nalishlari, jumladan, dori vositalarining sifatini baholash va nazorat qilish sohasida qo‘llanayotgan zamonaviy texnologiyalar hamda xalqaro standartlarga mos ravishda yo‘lga qo‘yilgan laboratoriya ishlari haqida batafsil ma’lumot berdi. Shuningdek, markazning Davlat farmakopeyasi bo‘yicha olib borayotgan ilmiy-amaliy tadqiqotlari va normativ-huquqiy bazani takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlari haqida ham so‘z yuritildi.
Muloqot davomida tomonlar farmatsevtika sohasida olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar, sifat standartlarini oshirish, kadrlar malakasini oshirish va tajriba almashish sohalarida kelgusida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish istiqbollarini muhokama qildilar.
Uchrashuv yakunida "Ibn Sino" jamoat fondi va Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Ushbu hujjat kelgusida qo‘shma ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, mutaxassislar o‘rtasida tajriba almashish, ilmiy forumlar va seminarlar tashkil etish kabi yo‘nalishlarda hamkorlikni nazarda tutadi.