Markaz mutaxassislari tomonidan xalqaro ilmiy-amaliy anjuman doirasida mahorat darslari o‘tkazildi
Avval xabar berganimizdek, poytaxtimizda o‘tkazilgan “Abu Ali ibn Sino va zamonaviy farmatsevtikada innovatsiyalar” mavzuidagi VIII xalqaro ilmiy - amaliy anjuman doirasida O‘zbekiston Respublikasi Davlat farmakopeyasini ishlab chiqish va amaliyotga joriy etishga bag‘ishlangan maxsus mahorat darslari tashkil etildi.
Unda Oliy o‘quv yurtlari talabalari, mahalliy dori vositalarini yaratish sohasida ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshiruvchi tashkilot va muassasalar, shuningdek, dori vositalari hamda tibbiy buyumlarni ishlab chiqarish, ularning sifatini nazorat qilish bilan shug‘ullanuvchi mutaxassislar ishtirok etdi. Mazkur mahorat darslari “Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” davlat muassasasining yetakchi mutaxassislari tomonidan olib borildi.
Jumladan, Davlat farmakopeyasini ishlab chiqish bo‘limi bosh mutaxassisi Akmalxo‘ja Zaynidinov “O‘zbekiston Respublikasi Davlat farmakopeyasini rivojlanish istiqbollari: asosiy yo‘nalishlar, yangilanishlar va qayta nashr etish” mavzusida, shuningdek, bosh mutaxassis Azamat Mansurov “O‘zbekiston Respublikasi Davlat farmakopeyasini amaliyotga joriy etishning dolzarb jihatlari” mavzusida taqdimot qilib, ishtirokchilar bilan erkin muloqot tarzida fikr almashdilar.