Farmatsevtika sohasidagi mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash borasida amaliy choralar ko‘rilmoqda
Prezidentimizning mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha bergan topshiriqlari ijrosini ta’minlash maqsadida, “Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” davlat muassasasi direktorining birinchi o‘rinbosari Nozim Berdiyev hududlardagi mahalliy farmatsevtika korxonalari faoliyati bilan tanishishda davom etmoqda.
Navbatdagi ishchi tashrif Andijon viloyatida tashkil etildi. Tashrif doirasida N.Berdiyev viloyatdagi farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqaruvchi mahalliy korxonalar, xususan “AS-KAM PHARMA” va “MAKRO FARM ANDIJON” MCHJ rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
Muloqot davomida dori vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, markaz tarkibidagi qo‘mita va laboratoriyalar faoliyati, dori vositalariga referent narxlarni joriy etish hamda markirovkalash tizimiga oid masalalar atroflicha muhokama qilindi.
Shuningdek, Nozim Berdiyev Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazining Andijon filiali faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Jumladan, JSSTning perekvalifikatsiya jarayoni doirasida amalga oshirilayotgan ishlar, dori vositalari va tibbiy buyumlarni xalqaro talablarga mos ravishda sifatini nazorat qilish, sertifikatlash hamda standartlashtirish borasidagi ishlar yuzasidan ma’lumotlar oldi.