Markaz mutaxassislari Turkiyada xalqaro metrologik sinovlarda ishtirok etdi

04.09.2025 846

Markaz mutaxassislari Turkiyada xalqaro metrologik sinovlarda ishtirok etdi

Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazining Metrologiya xizmati mutaxassislari Turkiyaga xizmat safari doirasida Gebze shahrida joylashgan “TUBITAK UME” milliy metrologiya institutida tibbiy muassasalarda qo‘llaniladigan tashxis uchun mo‘ljallangan ultratovush tibbiy o‘lchash vositalarini qiyoslashda qo‘llaniladigan namunaviy o‘lchash vositalarini xalqaro mezonlarga muvofiq, navbatdagi tekshiruvdan o‘tkazishdi.

Metrologiya xizmati bo‘limi boshlig‘i Dilorom Abdullayevaning ma’lum qilishicha, AQSHning “ATS Laboratories” kompaniyasida ishlab chiqarilgan “ATS-539”, “GAMMEX 1425V 0.5 DOPLER 403” hamda “Phantom” turidagi namunaviy o‘lchash vositalari hozirgi kunda O‘zbekistonda yagona va xalqaro miqyosda qiyoslangan holda amaliyotda qo‘llanilmoqda. Ushbu jihozlar mamlakatimizda tibbiy diagnostika jarayonlarida ishlatiladigan ultratovush uskunalarining aniqligi va ishonchliligini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega.

Shu bilan birga, ushbu tashrif doirasida turk mutaxassislari bilan tajriba almashish, metrologik qiyoslash jarayonlarida qo‘llaniladigan yangi yondashuvlar va ilg‘or texnologiyalarni o‘rganish imkoniyati ham yaratildi.

Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi mutaxassislarining ushbu tashrifi mamlakatimizda tibbiy uskunalarning ishonchliligini ta’minlash, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini yanada oshirish hamda soha bo‘yicha xalqaro hamkorlikni mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega.

Metrologiya xizmati